Federatsiyalarimiz amalga oshiradigan xarajatlar yangi tizim bilan optimallashtiriladi
Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida terma jamoalarimiz uchun amalga oshiriladigan sarf-xarajatlar tizimini optimallashtirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Moliya vazirligi mutasaddilari, Respublika oliy sport mahorati maktablari direktorlari, federatsiya va assotsiatsiyalar bosh kotiblari va moliya-iqtisod yo‘nalishi vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni MOQ rahbari olib bordi. Rustam Shoabdurahmonov so‘z o‘rnida Prezidentimizning sport sohasiga oid qabul qilgan qarorlari ijrosini ta’minlashda iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlarni to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng Moliya vazirligi mas’ul xodimi Ulug‘bek Abduqahhorov sohadagi yangilik haqida to‘xtaldi.
Unga ko‘ra, federatsiyalarimiz amalga oshiradigan xaridlar, mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalarda ishtirok etish uchun ajratilgan mablag‘lar yangi tizim bilan nazorat qilinadi. Mutaxassislar bu tizim qanday ishlashi, uning qulayligi haqida ma’lumot berishdi. Qayd etilishicha, bu orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash, moliyaviy operatsiyalarning tezkorligini yo‘lga qo‘yish mumkin.
Yig‘ilish davomida mutaxassislar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, xizmat faoliyatlari davomida uchraydigan muhokamali vaziyatlar bo‘yicha fikr almashishdi.