MOQ raisi togʻda yigʻin oʻtkazayotgan jamoamizning tayyorgarligidan xabar oldi
Ayni paytda qilichbozlikning sablya va rapira yoʻnalishi boʻyicha terma jamoamiz vakillari Toshkent viloyati Angren shahri yaqinidagi bazada oʻquv-mashgʻulot yigʻini olib bormoqda. Bugun MOQ hamda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov federatsiyaga tashrif buyurib, Yangiobodda yigʻin oʻtkazayotgan jamoalarimiz bilan onlayn bogʻlandi va yaqin rejalarni muhokama qildi.
Onlayn uchrashuv davomida yigʻin oʻtayotgan joydan terma jamoamiz murabbiyi, 3 karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Vladimir Nazlimov suhbatga qoʻshildi.
“Davlatimiz yuqori natijaga erishishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Biroq Parij-2024 tayyorgarligi avvalgilaridan butkul farq qiladi. Avval taʼkidlanganidek, jamoamizga biror bir xalqaro musobaqaga ketishidan oldin maʼlum vazifa beriladi. Yoshlarimiz Jahon kubogi bosqichlarida nimalarga qodir ekanliklarini koʻrsatishdi. Endi shu tempda ularni Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari sari tayyorlashda davom etamiz”, – dedi MOQ rahbari.
Rustam Shoabdurahmonov murabbiylarimiz bilan reja boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida gaplashar ekan, sportchilarning jismoniy holatini kuchaytirish boʻyicha topshiriq berdi. Shuningdek, hozirda butun dunyoda keng tarqalayotgan koronavirusning yangi shtammidan sportchilarimiz saqlash maqsadida sport bazalarida nazoratni kuchaytirish haqida qatʼiy taʼkidladi.