14 Noyabr 2021 2245

Pekin-2022 inshootlari: Muz arenadagi olovli bahslar

Yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi taassurotlarimiz bizni hali tark etib ulgurmasdan qishki Olimpiada ham eshik qoqib kelmoqda. Kelgusi yil Pekin tarixda ham yozgi, ham qishki Olimpiadani qabul qilgan ilk shaharga aylanadi. Tashkiliy qoʻmita rejasiga koʻra musobaqa 3 hududda boʻlib oʻtadi: Pekin va uning atrofidagi Yansin hamda Chjanzyakou. Bugun asosiy mezbon Pekin shahrida oʻtadigan bahslar va shaharda barpo etilgan sport obyektlari haqida maʼlumot beramiz.

Avvalo, ushbu shaharda ochilish va yopilish marosimi, shaybali xokkey, figurali uchish, short-trek, kyorling va konkida yugurish bahslari oʻtkazilishini aytib oʻtish oʻrinli. Ochilish va yopilish marosimiga 2008-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun qurilgan “Milliy stadion” mezbonlik qiladi.

Shaybali xokkey. Bahslar “Pekin Davlat sport saroyi” hamda “Lesports-sentr” arenalarida oʻtkaziladi.

“Pekin Davlat sport saroyi”. Arena biz uchun katta ahamiyatga ega. 2008-yilgi Olimpiadada Yekaterina Xilko va Anton Fokin oʻzbek sporti tarixiga kirishi aynan mana shu arenada boʻlgan. Kelasi yil ushbu kompleks xokkey bahslarigmezbonlik qiladi. Uning umumiy sigʻimi 20 ming muxlisga moʻljallangan.

“Lesports-sentr”. 13 yil avvalgi Olimpiadada basketbol bahslarini qabul qilgan arenada bu gal xokkey bahslari oʻtkaziladi. Inshoot ushbu sportga ixtisoslashtirilganida 14 ming muxlisni qabul qilishi mumkin.

“Poytaxt sport saroyi”. Nafislik va muz ustidagi tezlikni xush koʻruvchilarni kelgusi yil fevral oyida shu yerdan topasiz. Sezganingizdek, arena Olimpiada payti figurali uchish va short-trek bahslarini qabul qiladi.

“Pekin Milliy suv sporti kompleksi”. Zamonaviy arxitekturaga ega arenada 2008-yil suzish bahslarida 25 ta jahon rekordi oʻrnatilganiga guvoh boʻlgan edik. Shuningdek, Maykl Felps insoniyat tarixida bir Olimpiadada 8 ta oltin medal olgani ham ushbu kompleksda roʻy bergan. Bu gal arenada kyorling boʻyicha Olimpiada chempionlarini aniqlaymiz.

“Konkida yugurish Milliy stadioni”. Arena ushbu Olimpiada uchun yangi qurilgan va hali ulkan natijalarga guvoh boʻlmagan. Dunyoning eng kuchli konkida yuguruvchilari fevral oyida barcha kutayotgan rekord va shiddatli bahslarni taqdim qiladi. Shu bois kompleksni uxlab yotgan vulqonga oʻxshatish mumkin.

Text to speech