13 Noyabr 2021 1980

Xalqaro sambo federatsiyasi va Rossiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazildi

Toshkentda o‘tayotgan sambo bo‘yicha jahon chempionatining martabali mehmonlari sifatida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov hamda Rossiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakov yurtimizga tashrif buyurishgan. Bugun har ikki mehmon Turizm va sport vazirligida o‘zbek sporti mutasaddilari bilan uchrashishdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va uning o‘rinbosari Avaz Karimov, O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo sambo uyushmasi rahbari Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston MOQ Rossiya Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumi asosida amaliy ishlarni boshlab yuborgan. Uchrashuvda ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlariga sambo sportini ham kiritish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuvda Rossiyadagi Xalqaro Olimpiya universiteti va O‘zDJSTU bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi alohida muhokama qilindi. Unga ko‘ra, har ikki dargoh ilmiy adabiyotlar, malakali kadrlar bilan tajriba almashishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, muhokama markazidan ikki mamlakat hamkorlikda Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik olib borishi, qishki va o‘yin sport turlarini rivojlantirishda vakillarimizning malaka oshirishi kabi masalalar ham o‘rin oldi. Bu borada mutasaddilar turli terma jamoalar o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Yig‘ilish davomida shu va boshqa bir qator istiqbolli rejalar xususida muhokamalar olib borilib, amaliy kelishuvlarga erishildi.

Text to speech