Dzyudo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasining bronza medali sovrindori Davlat Bobonov Fransiyaning PSJ klubi bilan shartnoma imzolab, dzyudo bahslarida ushbu klub sharafini himoya qilmoqda. Hamyurtimiz ishtirok etayotgan jamoa Chexiyada oʻtgan Yevropa Ligasida gʻalaba qozonib, Chempionlar ligasiga yoʻllanma oldi.
Oʻz tarkibiga mashhur dzyudochilarni jamlagan Parij klubi Yevropa Ligasida chempionlik shohsupasiga koʻtarildi va bu bilan Chempionlar ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. -90 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Bobonov raqibini vazari bahosi evaziga magʻlubiyatga uchratdi.
Chexiyaning Praga shahrida oʻtgan Yevropa Ligasida Koʻhna qitʼaning 13 ta erkaklar, 4 ta ayollar klublari ishtirok etdi. Erkaklar oʻrtasidagi musobaqa finalida “Pari Sen-Jermen” klubi “Sent-Jenevev” jamoasini 4:1 hisobida yengdi.
Shu tariqa, PSJ bilan shartnoma imzolagan dzyudo boʻyicha Tokio-2020 sovrindori Davlat Bobonov yaqin vaqt ichida klublar oʻrtasida oʻtkaziladigan turnirlarda ushbu jamoa sharafini himoya qiladigan boʻldi.