11 Dekabr 2021 1862

Oʻzbekiston va Albaniya MOQ rahbarlari uchrashuvida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Toshkentda oʻtayotgan ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida bir qator mehmonlar poytaxtimizga tashrif buyurishmoqda. Mazkur nufuzli musobaqa doirasida Albaniya Olimpiya qoʻmitasi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya MOQda mehmon boʻldi.

Delegatsiyaga Albaniya Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Fidel Yelli boshchilik qildi. Ularni Qoʻmita raisi Rustam Shoabdurahmonov va Bosh kotib Oybek Kasimov qarshi oldilar. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov ham ishtirok etdi.

Tashrif avvalida mehmonlarga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi binosi boʻylab kichik ekskursiya tashkil etildi. Shundan soʻng Qoʻmitamiz muzeyida hamkorlik masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbatda Rustam Shoabdurahmonov mehmonlarga oʻzining iliq tilaklarini bildirdi.

“Ogʻir atletikachilarimizning soʻnggi Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritayotgan oltin medallari oʻz-oʻzidan emas. Buning ortida Prezidentimiz va davlatimizning sportga qaratayotgan ulkan eʼtibori turibdi. Oʻzbekiston bungacha ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatlari, kattalar oʻrtasida Osiyo chempionati va boshqa nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilgan edi. Toʻplangan ulkan tajriba bilan kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligini qabul qilmoqdamiz. Albatta, bularning bari hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etilmoqda”, – dedi MOQ rahbari.

Oʻz navbatida, Albaniya Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonovga iliq qabul uchun oʻz minnatdorchiligini bildirib, oʻzbek sportining yutuqlari haqida ijobiy fikrlarini aytib oʻtdi. Shuningdek, u oʻzaro mustahkam hamkorlik aloqalarni yoʻlga qoʻyish, kelishuv memorandumini imzolash boʻyicha takliflarini ilgari surdi. Bunga javoban, Oʻzbekiston MOQ raisi rivojlanish yoʻlida bunday hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan mamnun ekanini taʼkidladi.

Text to speech