10 Dekabr 2021 1784

Doston Yoqubov: “Bu hali boshlanishi. Yangi Oʻzbekistonimizga yangi gʻalabalar taqdim qilaman”

Ogʻir atletikachimiz Doston Yoqubov bugun kun qahramoniga aylandi. 2 yillik tanaffusdan keyin katta sportga qaytgan polvonimiz -67 kg vazn toifasida jahon chempioniga aylandi. Chempionimiz musobaqadan soʻng oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Avvalambor, Prezidentimizga, Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasiga, Kasaba uyushmalari federatsiyasiga, ushbu arenaga qoʻllab turish uchun kelgan muxlislar va oilamga katta rahmat aytaman. Ularning qoʻllashi bilan shunday gʻalabani qoʻlga kiritdim. Murabbiylarim men bilan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida kamchiliklarim ustida tinimsiz ishlashdi va hozir uning natijasini koʻrib turibmiz. Bu hali boshlanishi. Kelgusida bundanda katta gʻalabalar bilan Yangi Oʻzbekistonimizga yangi gʻalabalar taqdim qilaman”, – dedi Doston Yoqubov.

Shuningdek, bellashuvlarda kichik bronza medali sohibi boʻlgan Adhamjon Ergashev ham bugungi ishtirokidan mamnun ekanini bildirdi:

“Tokio-2020 Olimpiadasidan soʻng ilk startim boʻldi. Bundan kattaroq natija kutgan boʻlsam ham, umumiy ishtirokimdan koʻnglim toʻldi. Yana bir narsani alohida aytmoqchimanki, arenaga kelgan muxlislarimiz bizga shunchaki ajoyib atmosfera taqdim qilib turishdi. Ilgari musobaqalardan bunchalik katta taassurot olmaganman. Ularga bizni shunchalik koʻtarinki ruhda qoʻllab turishgani uchun rahmat aytaman”.

Fursatdan foydalanib, biz ham har ikki sportchimizga kelgusi faoliyatlarida bundan ham ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishlarini tilab qolamiz.

Text to speech