Shundan soʻng Aziz Abduhakimov musobaqani rasman ochiq deb eʼlon qildi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Shuning bilan musobaqaning tantanali ochilish marosimi oʻz yakuniga yetdi.
Maʼlum qilganimizdek, bugun poytaxtimizda ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati start oldi. Ayni daqiqalarda mazkur musobaqaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vaziri, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisi Botir Zokirov, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudov, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi rahbarlari, koʻp sonli muxlislar va musobaqada ishtirok etayotgan delegatsiyalar qatnashishdi.
Marosim avvalida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqidagi videorolik mehmonlarga taqdim qilindi. Shundan soʻng sahnalashtirilgan turli badiiy chiqishlar yigʻilganlar eʼtiboriga havola etildi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shukurullo Isroilov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Jenisbek Piyazov, “Sitora” guruhi ishtirokidagi chiqish yigʻilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
“Avvalambor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkillashtirishda bosh boʻlgani uchun federatsiyamiz nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman. Shuningdek, Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi ham tashkiliy ishlarni yuqori saviyada amalga oshirishdi. Rasmiy maʼlumot boʻyicha, ushbu dunyo birinchiligida 90 ga yaqin mamlakatdan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda. Fursatdan foydalanib, bugungi murakkab davrda barchangizga sihat-salomatlik tilab qolaman. Musobaqa davomida ham ijtimoiy masofa saqlanib, barcha talablarga rioya qilinishini soʻrayman”, – dedi Maykl Irani.
Mamlakatimiz nomidan Aziz Abduhakimov soʻzga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga samimiy qutlovlarini yoʻlladi:
“Barchangizni goʻzal diyorimizda ilk bor oʻtkazilayotgan jahon chempionatida koʻrib turganimizdan xursandmiz. Mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, yurtimizda nufuzli musobaqalarni qabul qilish orqali Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini koʻrsatmoqdamiz. Shuningdek, sportchilarimiz xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishib kelishmoqda. Birgina ogʻir atletika misolida soʻnggi ikki Olimpiya oʻyinlarida vakillarimiz oltin medalni qoʻlga kiritib kelayotgani, yaqinda Saudiya Arabistonida oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yoshlarimiz kuchli uchlikdan oʻrin olgani ushbu gapimizning yaqqol isboti boʻla oladi. Dunyo birinchiligining barcha ishtirokchilariga omad tilayman”.
Shundan soʻng Aziz Abduhakimov musobaqani rasman ochiq deb eʼlon qildi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Shuning bilan musobaqaning tantanali ochilish marosimi oʻz yakuniga yetdi.