Oʻzbekiston yoshlar Paraosiyo oʻyinlari bayrogʻini qabul qilib oldi
Bahrayn poytaxti Manama shahrida uchinchi yoshlar Paraosiyo oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. Bir necha kun davom etgan musobaqada qitʼamizning yosh paralimpiyachilari gʻoliblik uchun bahs olib bordilar.
Musobaqaning tantanali yopilish marosimida Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi prezidenti Majid Rashid tashkilot bayrogʻini ushbu musobaqaning keyingi mezboniga topshirdi. Maʼlumki, yana 4 yildan soʻng Toshkent yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Tashkilot bayrogʻini Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev qabul qilib oldi.
Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasining maʼlum qilishicha, musobaqa davomida sportchilarimiz 11 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza, jami 18 ta medal qoʻlga kiritishdi.