Jahon chempionati oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi
Xabaringiz bor, ertaga Toshkentda ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati start oladi. Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur musobaqadan avval matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Jalud, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi. Dastlab Shahrullo Mahmudov musobaqa oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Shu paytgacha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati, kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati va boshqa bir qator nufuzli musobaqalarga mezbonlik qildik. Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan ilk bor kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligini ham qabul qilmoqdamiz. Musobaqada 80 dan ortiq mamlakatdan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, Turizm va sport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashkiliy ishlardagi katta yordam uchun alohida minnatdorchilik bildirib oʻtmoqchiman. Musobaqada oʻz davlatlaridagi karantin talablari sabab Xitoy, Italiya, Fiji va yana baʼzi mamlakatlar ishtirok eta olmaydigan boʻldi. Biroq bu holat uning nufuziga hech qanday salbiy taʼsir oʻtkazmaydi. Yana bir ahamiyatli tomoni, chempionat doirasida oʻzbek ogʻir atletikasi rivoji yoʻlida mehnat qilgan Olimpiada sovrindorlari Nail Muxamedyarov, Sergey Sirsov kabi faxriylarni ham taklif qilganmiz”, – dedi Shahrullo Mahmudov.
Shundan soʻng Bahrom Mendiboyev sportchilarimizning tayyorgarligi haqida quyidagicha toʻxtalib oʻtdi:
“Jahon chempionatiga olib borilgan tayyorgarlikka toʻxtaladigan boʻlsak, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridan soʻng qisqa tanaffusdan qildik va darhol oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini boshladik. Dastlab mashgʻulot Chirchiqdagi bazamizda boʻldi. Shundan soʻng Turkiyada, keyin Ukrainada yigʻin tashkil etdik. Hozirgi paytda terma jamoamizning barcha sportchilari musobaqaga shay. Unda yigitlarimizdan 10 nafar, qizlarimizdan 4 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qiladi”.
Oʻz oʻrnida Muhammad Jalud yuqori saviyadagi tashkiliy masalalar haqida gapirdi.
“Oʻzbekiston doimo har qanday musobaqalarni yuqori saviyada tashkillashtirib kelgan. Bugun ham kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etilganiga guvoh boʻlib turibmiz. Bunda bevosita bosh boʻlgan Oʻzbekiston hukumati, Turizm va sport vazirligi va MOQga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Tokio-2020 Olimpiadasida va hozirgacha ham hech qaysi musobaqada atletlarimizda doping chiqmayapti. Bu sportimizning halol raqobatda qadam tashlayotganini bildirmoqda”, – dedi Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi bosh kotibi.
Shuningdek, mutasaddilar anjuman davomida sportchilarimizning tayyorgarligi, tashkiliy ishlar, atletlarning salomatligini muhofaza qilishdagi chora-tadbirlar haqidagi savollarga atroflicha javob berishdi.