Ayni kunlarda Yevropada 2 sport turi bo‘yicha jahon chempionatida qizlarimiz yurtimiz sharafini himoya qilishmoqda. Marhabo Magdiyeva stol tennisi bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, gandbolchilarimiz guruh bosqichi doirasidagi ikkinchi uchrashuvni o‘tkazishdi.

Portugaliyada bahs olib borayotgan Magdiyeva dastlabki bahsini italiyalik Jamila Laurentiga qarshi o‘tkazdi. Tajriba bobida ustun bo‘lgan hamyurtimiz bahsda 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Endi u ikkinchi davrada rossiyalik Yelizaveta Abramovaga qarshi bellashadi.

Gandbolchi qizlarimiz ikkinchi turda ham imkoniyatni boy berishdi. Bu gal ularga amaldagi jahon chempioni Niderlandiya termasi raqiblik qildi. Bellashuv yevropaliklarning 58:17 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ana endi qizlarimiz uchinchi o‘rin uchun Puerto-Riko jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Reglamentga ko‘ra, har bir guruhdan 3 jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi. Ushbu bahs ertaga bo‘lib o‘tadi.