O‘zbekiston boks federatsiyasi hakamlar va musobaqa rasmiylari faoliyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yangi strategiya ishlab chiqdi. Ushbu loyiha doirasida hakamlik bo‘yicha tanlov e’lon qilindi, yurtimizga AIBAning tajribali instruktorlari taklif etildi, shuningdek, O‘zbekiston chempionatida ishlash uchun barcha qit’adan 8 nafar uch yulduzli hakamlar yurtimizga yetib kelishmoqda.
Bugun mazkur strategiya doirasida hakamlar uchun katta seminar boshlandi. Tadbirni O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ochib berdi. Bosh kotib o‘z chiqishida hakamlikni rivojlantirish dolzarb masala ekanligi, ushbu yo‘nalishni rivojlantirmay turib, yosh va iste’dodli bokschilarni seleksiya qilib bo‘lmasligi haqida gapirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston boks federatsiyasi xalqaro munosabatlar bo‘limi boshlig‘i Shohid Tillaboyev hakamlar faoliyatini rivojlantirishga oid strategiya mazmuni haqida tushuntirish berdi. U shuningdek, bugungi seminarni olib borish uchun yurtimizga kelgan AIBAning tajribali instruktorlari Endryu Koulfild (Shotlandiya) va Igor Biletskiy (Ukraina)ni tanishtirdi. Shuningdek, hakamlik yo‘nalishini rivojlantirish strategiyasidagi loyihalar haqida gapirib berdi.
Unga ko‘ra, endilikda boks hakamlari uchun “TOP-10” reyting tizimi shakllantiriladi. Ushbu reyting ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan neytral, horijiy instruktorlar tomonidan tuziladi.
Seminar ertaga ham davom ettiriladi. Unda ishtirokchilar uchun imtihonlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.