Mavjud muammolarni o‘rganib, ularga yechim qidiramiz
Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish, buning uchun kerakli strategiya ishlab chiqish har bir federatsiya va assotsiatsiyalarimiz oldida turgan asosiy vazifalardan. Bugun MOQ rahbariyati Qo‘mita majlislar zalida mutaxassislar bilan mavzu yuzasidan atroflicha suhbatlashib oldi. Yig‘ilishni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov olib bordi. Unda Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Respublika Oliy sport mahorati maktablari direktorlari, federatsiya va assotsiatsiyalarning tegishli mutasaddilari ishtirok etishdi.
Dastavval, Rustam Shoabdurahmonov oldinda turgan maqsad va vazifalar haqida gapirib o‘tdi.
“Tokio va Parij Olimpiadalariga bo‘lgan tayyorgarlik juda keskin farq qiladi. Bu gal yangi yondashuv va metodikalar bilan hozirlik ko‘ramiz. Muhtaram Prezidentimiz Olimpiya o‘yinlariga olib boradigan tayyorgarligimizni qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Tan olish kerak, ko‘pchilikda muammolar bor. Ayniqsa, asosiy jamoa muntazam shug‘ullanadigan baza bo‘yicha. Hozir har bir federatsiyamiz sportchilari va murabbiylar bilan bekorga birma-bir uchrashmayapmiz. Ularning oldilarida turgan maqsadga erisha olishiga ishontirishimiz, davlatimiz ularning ortida turganini ko‘rsatishimiz kerak”, – dedi MOQ rahbari.
Yig‘ilish davomida xorijlik murabbiy va boshqa yo‘nalishdagi mutaxassislarga ehtiyoj sezayotgan federatsiyalar ular bilan tezroq kelishuvga erishish, sport tibbiyoti yo‘nalishida ham kerakli vitamin va dori-darmonlar ro‘yxatini shakllantirib olish, viloyatlardagi mutaxassislar ishini yanada kuchaytirish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, federatsiyalarga imkon qadar tez fursatda mavjud muammolarni o‘rganib, ularga yechim bo‘ladigan takliflarni taqdim qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.