MOQ raisi maslahatchisi Sherzod Asatullayev yangi lavozimga saylandi
“Osiyo bolalari” o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi boshqaruvining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik musobaqa XOQ shafeligida 1996 yildan boshlab har to‘rt yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. Turnir butun Osiyo qit’asi bilan bir qatorda Yevropaning ayrim davlatlarini qamrab oladi. Musobaqa Rossiya Federatsiyasi Saxa Respublikasi (Yakutiya) birinchi prezidenti tashabbusi bilan zamonaviy Olimpiya harakatining 100 yilligini nishonlash maqsadida tashkil etilgan.
Boshqaruv yig‘ilishi yakunlariga kelsak, unda tashkilot Bosh kotibi lavozimiga hamyurtimiz, O‘zbekiston MOQ raisi maslahatchisi Sherzod Asatullayev nomzodi ko‘rsatildi va qo‘mita a’zolari bir ovozdan Sherzod Hasanxodjiyevich nomzodini qo‘llab-quvvatlashdi. Shu tariqa, Sherzod Asatullayev “Osiyo bolalari” o‘yinlari Xalqaro tashkilotining Bosh kotibi etib saylandi.
Ta’kidlash joiz, hamyurtimiz sport va xalqaro munosabatlar sohasida tajribali mutaxassis hisoblanadi. U 2012 yildan buyon ushbu tashkilotda bosh direktor o‘rinbosari va Prezident maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Sherzod Asatullayevga yangi lavozimida omad tilab qoladi.