Parij-2024: Muhokama markazida gimnastika va stol tennisi federatsiyalari
Prezidentimizning “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi Qarori boʻyicha oʻtkazilayotgan yigʻilishlar davom etadi. Bugun Oʻzbekiston gimnastika va stol tennisi federatsiyalari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Dastavval Ruslan Mustayev boshchiligidagi gimnastikachilarimiz MOQ rahbariyati bilan uchrashdi. Unda Qoʻmita raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning oʻrinbosari Sherzod Tashmatov federatsiya mutasaddilarini qabul qildi.
Shundan soʻng MOQ rahbari har bir yoʻnalishdagi yoshlarimiz, ularning trenerlari bilan oldindagi maqsadlari, rejalari haqida gaplashdi.
Afsuski, kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi bilan yigʻilish kutilganidek oʻtkazilmadi. Taklif etilgan boʻlsa ham federatsiyadagi ichki kelishmovchilik sabab terma jamoa murabbiyi Georgiy Soy va uning shogirdlari ushbu yigʻilishga kelishmadi. Shu bois Sport oʻyinlari boʻyicha Respublika Oliy sport mahorat maktabi direktori Jasur Akramov, federatsiya bosh kotibi, ijrochi direktor va boshqa mutaxassislar bilan muhokama olib borildi.
Afsuski, mana shunday ichki nizolar sababli soʻnggi yillarda ushbu sport turida xalqaro maydonda aytarli natijaga erisha olayotganimiz yoʻq. Jumladan, Tokio-2020 Olimpiadasiga ham litsenziya qoʻlga kiritilmadi. Parij-2024 tayyorgarligi mutlaqo boshqacha strategiya asosida tashkil etiladi. Unda har bir sportchi MOQ bilan tuziladigan shartnoma asosida shugʻullanishi, ularning zimmalariga masʼuliyat yuklatilishi muhim jihatlardan biri boʻladi.
Uzoq davom etgan suhbatda asosiy eʼtibor litsenziyaga daʼvogar sportchilarimizni xorij klublarida tajriba almashishlari uchun Yevropaga joʻnatish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. MOQ rahbariyati bu borada uchrashuvga kelgan yagona sportchi Soʻgʻdiyona Madaliyeva bilan suhbatlasha oldi xolos.