O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida “Sport zo‘ravonlikka qarshi” shiori ostida tadbir o‘tkazildi
So‘nggi paytlarda sportchilarimiz bilan yuzaga kelayotgan bir qator noxush holatlar ular bilan ma’naviy-ma’rifiy sohada ko‘proq ishlashni talab qilmoqda. Bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida “Sport zo‘ravonlikka qarshi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda tegishli tashkilot mutasaddilari, federatsiya va assotsiatsiya vakillari, faxriy mehmonlar, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida soha mutaxassislari hukumatimiz boshchiligida bu borada olib borilayotgan ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan dasturlar haqida ma’lumot berishdi.
Tadbirni MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi va mavzuning dolzarbligi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
“Afsuski, so‘nggi paytlar ro‘y berayotgan noxush vaziyatlarga sportchilarimiz ham aralashib qolmoqda. Bu barchamizni xavotirga soladi. Shu bois vaziyat barchamizdan yanada ko‘proq e’tibor talab qiladi. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib bu masalaga yechib qidirishimiz kerak. Bugun ana shu yechim yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun yig‘ilganmiz. Shubhasiz, unda ma’naviy tarbiyaga ko‘proq ahamiyat qaratish juda muhim”.
Bu borada MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ham so‘zga chiqdi.
“Haqiqatan ham bugungi yig‘ilishimizning mavzusi juda ham muhim. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich yoshlarimizning ma’naviyatini yuksaltirishga juda katta e’tibor qaratmoqdalar. Shubhasiz, bu borada sport yo‘nalishining ham o‘ziga yarasha xizmati bor. Ayniqsa, yoshlarimizning bo‘sh vaqtlarini sport bilan mashg‘ul qilish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri. Biz yoshlarimizning ongini, bo‘sh vaqtlarini sport bilan, ma’naviyat bilan band qilishimiz kerak. Tarixdan misollar ko‘p, agar biz yoshlarimizning bo‘sh vaqtini band qilmasak, bu ish bilan boshqalar shug‘ullanadi. Shuning uchun bunga jiddiy ahamiyat qaratishimiz, har bir terma jamoada sportchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkillashtirishimiz shart”, – dedi A.Kamilov.
Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya mutasaddilari, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi Bosh referi direktori Armen Bagdasarov va boshqa mutasaddilar ham so‘zga chiqib, tadbirda ishtirok etgan sportchilarga mavzu yuzasidan o‘z tavsiyalarini berishdi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan marhum dzyudochi Kamoliddin Rasulov haqida ham iliq fikrlar bildirildi.
Tadbirda ishtirok etgan Tokio Olimpiadasi chempionlari Bahodir Jalolov va Ulug‘bek Rashitov, jahon chempioni Dmitriy Shokin so‘zga chiqib, o‘z tajribalaridan kelib chiqqan holda yosh dzyudochilarga motivatsiya berishdi. Terma jamoa shifokori Aziz Qayumov sportda taqiqlangan moddalar, ularning asoratlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Yig‘ilish yakunida federatsiyada ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishni kuchaytirish, tegishli dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va bu sohadagi tadbirlarni davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.