Andrey Abduvaliyev: “Parij-2024 Olimpiadasiga kamida 12 ta yo‘llanma va 1 ta medal rejalashtirganmiz”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi Qarorida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Andrey Abduvaliyev boshchiligidagi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi.
Dastavval Andrey Abduvaliyev Tokio-2020 davri hisoboti va Parij-2024 siklida tayyorgarlik rejalari bilan bo‘lishdi.
“Bu gal o‘z oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Parij-2024 Olimpiadasiga 12 tadan kam bo‘lmagan yo‘llanma va unda 1 ta medal olishni rejalashtirganmiz. Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qaror biz uchun dasturul amal bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, har 3-6 oy muddatda sportchilarimizning natijalarini, ulardagi har qanday o‘zgarishlarni nazorat qilib boramiz”, – dedi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi.
Shuningdek, Rustam Shoabdurahmonov ham bu boradagi fikrlari bilan quyidagicha o‘rtoqlashdi:
“Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik Tokiodagi bilan butunlay farq qiladi. Hamkasblarimiz bilan o‘tgan Olimpiadani batafsil tahlil qilib chiqdik. Davlatimiz rahbari Parij-2024ga tayyorgarlikda ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Biz esa bunga yuqori natijalarimiz bilan munosib javob berishimiz kerak”.
Yig‘ilish davomida terma jamoa bosh murabbiyi Go‘zal Hubbiyeva Parij Olimpiadasiga da’vogar barcha sportchilarimiz, ularning shaxsiy rekordi va yangi siklda ularga qo‘yilgan vazifa haqida ma’lumot berdi. MOQ rahbari nomlari ko‘rsatib o‘tilgan barcha atletlarimiz va ularning murabbiylari bilan birma-bir suhbatlashib, bu boradagi reja va maqsadlari xususidagi savollariga javob oldi. O‘z navbatida, barcha sportchilarimiz qo‘yilgan maqsadga erishishlari uchun bor kuchlari bilan harakat qilishga va vazifani bajarishga va’da berishdi.