10 Noyabr 2021 1967

Toshkentda sport tibbiyoti yoʻnalishida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi

Bugun poytaxtimizdagi “Tashkent International hotel” mehmonxonasida “Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasida innovatsion yondashuvlarning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi.

Seminarning ochilish marosimida MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov va Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Abdushukur Sadikov boshchiligidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi vakillari, yurtimizning taniqli sport tibbiyoti vakillari, mehmonlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi va sohada olib borilayotgan islohotlar, davlatimizning sportga, xususan, sogʻlom turmush tarzi va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratayotgan eʼtibori xususida toʻxtalib, tadbir ishtirokchilariga samimiy tilaklarini bildirdi. Shundan soʻng Abdushukur Sadikov sogʻliqni saqlash tizimi, sport tibbiyoti boʻyicha soʻnggi yutuqlar haqida gapirib oʻtdi.

Xalqaro seminarda dastlab rossiyalik professor Boris Polyayev “Rossiya Federatsiyasida sport tibbiyotning yutuqlari va muammolari” mavzusida maʼruza qildi. Taʼkidlash joiz, ushbu konferensiyada Germaniya, Italiya, Angliya, Rossiya, Ukraina, Latviya va Belarus davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislar sport tibbiyoti, fiziologiyasi, psixologiyasi, genetikasi va farmakologiyasi sohasidagi nufuzli olimlar, shifokorlar ham mavzu yuzasidan soʻnggi yutuq va metodika boʻyicha fikr almashishadi.

Xalqaro seminar kunning ikkinchi yarmida 3 seksion yigʻilishda: “Tashkent International hotel” mehmonxonasining 2 zali va MOQ binosida oʻz ishini davom ettiradi.

Text to speech