10 Noyabr 2021 2060

Rustam Yambulatov, Shuhrat Mamadaliyev va Ilias Iliadisni tabriklaymiz!

Bugun oʻzbek sportida oʻz oʻrniga ega boʻlgan 3 taniqli mutaxassis tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Rustam Yambulatov 1950-yil 10-noyabrda tavallud topgan. Stenddan otish boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi, XXII Olimpiya oʻyinlarining kumush medal sohibi (1980), Yevropa kubogi gʻolibi. 1981-yilgi jahon chempionatiga Olimpiada sovrindori sifatida qatnashgan sportchimiz jamoaviy bellashuvlarda gʻolib (1981) boʻldi. Umumjamoa hisobida jahon chempionatining ikki karra kumush medalini (1979, 1985) qoʻlga kiritdi. Ikki karra Yevropa chempioni (1979, 1981), uch karra Yevropa kubogi sohibi (1981) boʻldi. Bir necha bor qitʼa musobaqasida sovrindorlar safidan ham joy olgan. Oʻzbekiston Oliy Kengashi Prezidiumi Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan.

Shuhrat Mamadaliyev 2016-yildan beri Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi sifatida faoliyat olib bormoqda. Terma jamoamiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda Shuhrat Farhadovichning ham hissasi bor. Jumladan, 2019-yil Qozogʻistonda oʻtgan jahon chempionatida yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritganida ushbu mutaxassisning xizmatlari katta.

Ilias Iliadis 1986-yil 10-noyabrda Gruziyada tavallud topgan. Sportchilik faoliyatini Gretsiya jamoasi bilan bogʻlagan Iliadis Afina-2004 Olimpiya oʻyinlarida 17 yoshida chempionga aylandi. London-2012 Olimpiadasida esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, uning hisobida jahon chempionatlarining 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallari mavjud. Iliadis 2 yildan beri Oʻzbekiston terma jamoasida murabbiylik qilmoqda va uning qoʻl ostida polvonlarimiz yangi marralarni zabt etishmoqda.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bugun tavallud kunini nishonlayotgan barcha vakillarimizni tabriklab, ularga uzoq umr va sihat salomatlik tilab qoladi.

Text to speech