Eshkak eshish va sport kurashlari bo‘yicha strategiya yana bir bor ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi Qarorining imzolanishi barcha federatsiya va assotsiatsiya mutasaddilarida bo‘lajak Olimpiadaga tayyorgarlik mas’uliyatini yanada oshirmoqda. Bugun O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi hamda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan tayyorgarlik rejalari yana bir bor muhokama qilindi.
Dastlab Rowing&Canoe federatsiyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya bosh homiysi Energetika vazirligi, Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorat maktabi vakillari, Vyacheslav Didrix boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, murabbiylar shtabi ishtirok etdi. Ta’kidlash joiz, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tib, tayyorgarlik strategiyasi bir necha bor muhokama qilinayotgan bo‘lsa ham murabbiylarning rejasi puxta ishlab chiqilmagani yuzasidan keskin fikrlar bildirildi.
O‘z navbatida, federatsiya vakillari Parij-2024 Olimpiadasiga 11 ta yo‘llanma ko‘zlanayotgani, bu borada Fransiya va bir qator mamlakatlar bilan hamkorlik rejalashtirilganini ma’lum qilishdi.
Kunning ikkinchi yarmida sport kurashlari bo‘yicha tayyorgarlik strategiyasi muhokama qilindi. Unda Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev va terma jamoa murabbiylar shtabi qatnashdi.
Ahamiyatlisi, assotsiatsiya Parij-2024 Olimpiadasiga mahalliylashtirilgan sportchilarsiz yo‘llanma olishni rejalashtirgan. Shuningdek, ilk bor ayollar kurashida ham litsenziya qo‘lga kiritish assotsiatsiya oldida turgan ustuvor vazifalardan ekani ma’lum qilindi.
Suhbat davomida kelgusi yil Toshkentda sovrin jamg‘armasi katta bo‘lgan xalqaro musobaqa tashkillashtirish orqali ushbu sport turini yoshlarimiz orasida yanada ommalashtirish, sportchilarimiz mahoratini oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.