Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Saxovat sport servis” suzish havzasida sinxron suzish bo‘yicha o‘smir va yoshlar o‘rtasida mamlakat kubogi bahslari o‘tkazilmoqda.
Mazkur musobaqa doirasida sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Dinara Ibragimova hamda murabbiylar Oksana Bortnikova va Elmira Fayzullayeva boshchiligida mahorat saboqlari ham tashkil etilmoqda.
“O‘zbekiston kubogi bahslarida Respublikamizning turli hududlaridan kelgan ko‘plab iste’dodli sportchilar ishtirok etishmoqda. Mahorat saboqlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ular orasidan eng iqtidorli sportchilarni saralab olish va terma jamoa mashg‘ulotlariga jalb etishdan iborat. Unda murabbiylar ham qatnashishdi. Biz ularga mashqlarni har tomonlama mukammal ishlab chiqish uchun aynan qaysi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozimligi haqida ma’lumot berdik. Albatta, bu yerda olingan nazariy va amaliy bilimlar murabbiylar uchun ham juda muhim. Umid qilamanki, mamlakat kubogi doirasida tashkil etilayotgan mahorat saboqlari yurtimizda sinxron suzish sport turini rivojlanishi hamda iqtidorlar safini yanada kengayishiga xizmat qiladi”, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Dinara Ibragimova
O‘zbekiston kubogi bahslari bugun yakuniga yetadi.