9 Noyabr 2021 1865

Xorijlik mutaxassis bilan qishki sport turlari uchun zamonaviy sport obyektlar qurish loyihalari muhokama qilindi

Mamlakatimizda qishki sport turlariga boʻlgan eʼtibor doimgidan ortib bormoqda. Bugun MOQ rahbariyati ushbu sport turlari bilan shugʻullanuvchi yoshlarga zamonaviy obyektlar qurish masalasi boʻyicha avstriyalik mutaxassis bilan uchrashdi.

Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov va Oʻzbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

MOQda mehmon boʻlgan avstriyalik Valter Kirnich uzoq yillardan beri qishki sport turlari, xususan, muz maydonlar qurish bilan shugʻullanadi va bu borada taniqli “Solkav ltd” kompaniyasi bosh direktori hisoblanadi. Uning rahbarligida hozirda “Amirsoy” kompleksida muz maydoni loyihasi ustida qurilish olib borilmoqda va yil yakuniga qadar ishga tushishi koʻzda tutilgan.

Uchrashuv davomida mehmon MOQ rahbariyatiga oʻzi boshqarayotgan kompaniyaning imkoniyatlari, yangi loyihalari haqida gapirib, ularni Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha takliflarini bildirdi. Oʻz navbatida, MOQ rahbari bunday taklif uchun minnatdorlik bildirib oʻtdi.

“Qiziqarli taklif va loyihalarni taqdim qilganingizdan minnatdormiz. Soʻnggi yillarda hukumatimiz va Prezidentimiz qishki sport turlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. “Humo arena” muz saroyi, “Amirsoy” togʻ-changʻi kompleksi bunga yaqqol misol. Shu bilan birga viloyatlarimizda ham qishki sport turlariga boʻlgan qiziqish yanada ortib, chekka hududlarda shu kabi loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlandi. Sizning taklifingizni assotsiatsiyamiz hamda Turizm va sport vazirligi bilan albatta batafsil oʻrganib chiqamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Uchrashuv yakunida mehmonga taklif va tashrif uchun minnatdorchilik bildirilib, Qoʻmitamizning esdalik sovgʻasi topshirildi.

Text to speech