8 Noyabr 2021 2257

Ruslan Mustayev Xalqaro gimnastika federatsiyasi Konsulligiga saylandi

Turkiyaning Antalya shahrida Xalqaro gimnastika federatsiyasining (FIG) 83-Kongressi o‘tkazildi. Unda tashkilot rahbariyati, turli boshqaruv qismi, texnik qo‘mita va boshqa bir qator o‘rinlarga saylovlar o‘tkazildi. Tadbirning asosiy qismida FIG tarkibiga kiruvchi milliy federatsiyalar mutasaddilari tashkilotga yangi rahbar, 3 nafar o‘rinbosar va 7 nafar vakildan iborat ijroiya qo‘mitasi vakillarini ham saylab olishdi.

Xalqaro federatsiyaning yuqori lavozimlariga vakillar tanlashda nomzodlarning ish tajribasi va jahonda gimnastika rivojlantirishga qo‘shgan hissasi inobatga olindi. Unda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining (O‘GF) ushbu yo‘nalishdagi xizmatlari yuqori baholanib, Osiyo gimnastika ittifoqi vitse-prezidenti, O‘GF raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustayev xalqaro federatsiya konsulligi tarkibiga saylandi. Shu tariqa, Ruslan Mustayevga O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi va butun Osiyo gimnastika ittifoqi manfaatlarini FIG va jahon arenasida himoya qilishiga katta ishonch bildirildi.

Qayd etish joiz, Xalqaro tashkilotning amaldagi rahbari Morinari Vatanabe saylovda g‘alaba qozonib, yangi muddatda ham FIG prezidenti sifatida ishlaydigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Ruslan Mustayevni yangi lavozim bilan muborakbod etib, mamlakatimiz imijini xalqaro maydonda yuksaltirish, qolaversa, ushbu sport rivojini kuchaytirishda olib borayotgan ishlariga omad tilab qoladi.

Text to speech