Belgrad-2021: Kuba umumjamoa hisobida birinchilikni qaytarib oldi
Serbiya poytaxti Belgrad shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan musobaqa yakunida Kuba jamoasi birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Kubalik bokschilarning 3 nafari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Ularning barchasi g‘alaba qozondi va bu Kubaning umumjamoa hisobida peshqadam bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etdi. Shu o‘rinda musobaqadan avval Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston va Kuba boks jamoalarining qo‘shma yig‘inidan so‘ng o‘tgan matbuot anjumanida Kuba boks federatsiyasi prezidenti Alberto Puigning bir iqtibosini eslash o‘rinli: “Musobaqada qaysi jamoa 3 ta oltin medal qo‘lga kirita olsa, katta ehtimol ular umumjamoa hisobida yetakchi bo‘lishadi”. Haqiqatdan ham, 3 ta oltin medal ololgan bu jamoa yakunda peshqadam bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rin 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini jamg‘argan Qozog‘istonga nasib etgan bo‘lsa 2 tadan oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritgan AQSh uchinchi bo‘ldi. Abdumalik Xalakovning kumush va Madiyar Saidrahimovning bronza medali bilan jamoamiz bu gal kuchli o‘nlikda musobaqani yakunladi.
Musobaqaning so‘nggi kungi dasturidan so‘ng -92 kg vazn toifasining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtimiz Madiyar Saidrahimov o‘z sovrinlarini qabul qilib oldi. Quyida O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot kotibi Aziz To‘xtamurodov olgan suratlarni tomosha qilishingiz mumkin: