Epidemiologik vaziyat tufayli terma jamoalarimiz bazalaridagi nazorat yanada kuchaytiriladi
Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligida Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari va boshqa musobaqalarga ko‘rilayotgan hozirlikni yanada kuchaytirish, joriy yil bo‘lib o‘tadigan boshqa yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik, shuningdek, koronavirusning yangi omikron shtammi tarqalishini oldini olish yuzasidan tezkor onlayn yig‘ilish o‘tkazildi. Unda, shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi maslahatchisi Alisher Karimov, MOQ qoshida tuzilgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Abdushukur Sadikov, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalar mas’ul mutasaddilari ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joiz, koronavirus infeksiyasining tarqalishi sabab 2021 yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan bir qator kompleks musobaqalar keyingi yilga qoldirilgani bois 2022 yilda bizni Osiyo o‘yinlari, Islom birdamligi o‘yinlari, Universiada, yoshlar Osiyo o‘yinlari, Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi katta startlar kutib turibdi. Shu bois, taqvimga binoan terma jamoalarimizni tarkibini hozirdan shakllantirib borish talab etiladi. Bu borada MOQ rahbari yig‘ilish ishitrokchilariga batafsil tushuntirish berdi.
“Yirik kompleks musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik rejalarini Turizm va sport vazirligi, Oliy sport mahorati maktablari bilan muhokama qilib, bu bo‘yicha hozirdan amaliy ishlarni boshlash lozim. Bizni oldinda muhim yil kutib turibdi. Shunday ekan, barchasini batafsil muhokama qilib olish kerak. Qolaversa, boshqa xalqaro musobaqalarga ham alohida rejalarni ishlab chiqamiz. Xorijiy turnirlarga shunchaki borib, unda ishtirok etib kelish noo‘rin bo‘ladi. Oldindan aniq maqsad qo‘yib, shunga harakat qilib ishlashimiz kerak. Prezidentimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bois bunga yarasha talab ham bo‘ladi. Davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O‘zbekiston qurayapmiz. Xalqaro musobaqaga shunchaki chiqib kelish ketmaydi. Afsuski, koronavirusning yangi shtammi kirib kelmoqda. Bunday sharoitda faqatgina temir intizom bilan yengib o‘tish mumkin. Sport bazalarida sportchilarimizning salomatligini saqlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘raylik”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Onlayn uchrashuv davomida MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Abdushukur Sadikov koronavirusning yangi shtammining kirib kelishi yuzasidan, uning tarqalishini oldini olish, terma jamoalarimiz vakillarini undan saqlash, bu bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rish bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
Yig‘ilishda Oybek Kasimov uzoq yillik tajribasidan kelib chiqqan holda yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Shuningdek, suhbat davomida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev terma jamoaga jalb qilinadigan xorijiy trenerlar bilan tuziladigan shartnomalar bandini batafsil ko‘rib chiqish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.
Yakunda MOQ rahbari hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan “Yashil makon” loyihasida federatsiya mutasaddilarini oila-a’zolari, sportchilar bilan faol ishtirok etishga chorlab qoldi.