O‘zbek futboli tarixiga kirayotgan “Olimpik” ertangi shonli kelajakdan darak bermoqda
Barcha muxlislarimiz sport olamida 4 yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lmish Olimpiya o‘yinlarida futbol jamoamizni ham ko‘rishni orzu qiladi. Shu paytgacha o‘tgan sikllarda yo‘l qo‘yilgan xatorlardan tegishli xulosa chiqargan holda hukumatimiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va sportimiz faxriylarining qo‘llab-quvvatlashi bilan Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshida “Olimpik” futbol jamoasi tashkil etildi. Bugun ushbu ekspremental loyiha meva berayotganiga guvoh bo‘ldik.
Jamoaga zamonaviy futbol metodikalarini yaxshi tushunadigan yosh murabbiy Temur Kapadze jalb etildi. Mutaxassis qisqa vaqt ichida Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 18-19 yoshli yigitlarni to‘pladi. Jamoa Pro-liganing birinchi davrasidayoq nimalarga qodir ekanini ko‘rsatdi. Mavsum yarmini birinchi o‘rinda yakunlagan “Olimpik”ka barcha jiddiy e’tibor qarata boshladi. Yakunda jamoamiz Pro-liganing bu yilgi mavsumini 3-o‘rinda yakunlab, Superliga yo‘llanmasi uchun o‘tish bosqichida ishtirok etdi. Muborakning “Mash’al” klubiga qarshi bahsda yigitlarimiz irodali o‘yin ko‘rsatib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Qayd etish joiz, “Olimpik” o‘tish bosqichida yuqori liga jamoasini mag‘lub etgan birinchi jamoa sifatida tarixda qolmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Olimpik” klubi loyihasi va uning yigitlari o‘zbek futboli yaqin davr ichida shonli tarix yozishga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda. Bu borada jamoamizga homiylik qilgan va doimo har tomonlama qo‘llab kelgan Turizm va sport vazirligi, “PepsiCo” kompaniyasi va “Trastbank”ka o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.