2 Dekabr 2021 1459

Temur Kapadze: “Bizning maqsadimiz Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanma olish”

Superliga yo‘llanmasi uchun o‘tgan “Olimpik” va “Mash’al” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etib, uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Avvalo, shtabimizdagi barchani g‘alaba bilan tabriklayman. 1 yil davomida katta o‘sishga erishdik. O‘yinga har tomonlama yaxshi tayyorlandik. “Mash’al” kuchli jamoa. Muborakliklarning tartibli o‘yini bilan barcha klublar ularga qarshi bahsda qiynalishgan. Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ular hech qachon yirik hisobda mag‘lub bo‘lishmagan. Ularning o‘yinlarini tahlil qilib, ushbu bellashuvga tayyorlandik. Bugun haqqoniy va irodali g‘alabaga erishdik. Bu yigitlarimizning ancha o‘sganidan dalolat beradi. Superligaga yo‘llanma olganimiz yanada o‘sishimiz kerakligini anglatadi. Bizning maqsadimiz Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanma olish. Superligada kelasi mavsum ancha yuqori saviyali klublarga qarshi o‘ynaymiz”, – dedi Temur Kapadze.

Text to speech