Oʻzbekiston boks federatsiyasi tomonidan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan mamlakat chempionatiga bu gal oʻzgacha taraddud koʻrilmoqda.
Musobaqa 8-14-dekabr kunlari “Universal” sport majmuasida boʻlib oʻtadi. Ahamiyatlisi, mahalliy hakamlarimizga tajriba ulashish, bahslarda shaffoflik va xolislikni kuchaytirish maqsadida dunyoning barcha qitʼalaridan 8 nafar AIBAning 3 yulduzli darajasiga ega hakamlar janglarni boshqarib boradi. Ularning barchasi Olimpiada yoki jahon chempionatlarida ishlagan va ulkan tajribaga ega referilardir. Shuningdek, janglarni boshqarib boradigan hakamlarni Buyuk Britaniya va Ukrainadan tashrif buyuradigan instruktorlar kuzatib borishadi. Ular ishtirokida chempionatdan avval 5-6-dekabr kunlari mahalliy referilar uchun seminar-treninglar oʻtkaziladi.
Bu yilgi Oʻzbekiston chempionatining yana bir muhim jihati, u orqali terma jamoa murabbiylar shtabi Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga daʼvogar yoshlarni saralab olish imkoniyatiga ega boʻlishadi.