Abdumalik Xalakov jahon chempionatining kumush medali sovrindori
Yosh va umidli bokschimiz Abdumalik Xalakov kattalar o‘rtasidagi debyut jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz finalda fransiyalik tajribali raqibiga qarshi jang qildi.
-60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Xalakov jahon chempionligi uchun fransiyalik Sofyan Umiaga qarshi ringga ko‘tarildi. Ikki yuqori texnika egalari o‘rtasidagi shiddatli bahs musobaqaning eng chiroyli janglaridan biriga aylandi. Afsuski, ushbu klassik to‘qnashuv yakunida fransuz bokschisi g‘alaba qozonib, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Belgrad shahrida yakuniga yetib borayotgan jahon chempionatini terma jamoamiz 1 tadan kumush va bronza medallari bilan yakunladi. Kechagi yarim final bahslari yakunida Madiyar Saidrahimov -92 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi har ikki bokschimizni qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan tabriklab, ularga kelgusida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlarini tilab qoladi.