4 Noyabr 2021 1871

Mintaqaviy forum ishtirokchilari yorqin xotiralar bilan ortga qaytishmoqda

Toshkent mezbonlik qilgan MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokida o‘tgan mintaqaviy forum o‘z yakuniga yetdi. Bugundan tadbir ishtirokchilari o‘z yurtlariga qaytib ketishmoqda.

14 mamlakat MOQ rahbarlarini birlashtirgan ushbu forum davomida mehmonlar uchun boy o‘zbek madaniyati, san’atini namoyish qilish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Uning doirasida dastlab poytaxtimizdagi “G‘alaba” bog‘i, Islom sivilizatsiyasi markazi, “Humo” arena sport majmuasi, shundan so‘ng azim Samarqand shahri bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Samarqandda mehmonlarni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov kutib oldi. Sayohat davomida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov mehmonlarga boy madaniyatimiz va tariximiz, ota-bobolarimiz qoldirgan bebaho meroslar haqida gapirib berdi.

Shuning bilan mintaqaviy forum ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan barcha tadbirlar o‘z yakuniga yetdi va delegatsiyalar o‘zlari uchun qulay yo‘nalishlarda o‘z uylariga yo‘l olishmoqda.

Forum davomida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Unda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli qo‘shma qarorlar qabul qilinib, hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ishonamizki, qo‘l urilgan loyihalar kelajakda mintaqada Olimpizm targ‘ibotini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Text to speech