Shuningdek, MOQ rahbari sportchilarning vaqtida dam olishlarini nazorat qilish, qatʼiy kun tartibini belgilab berish boʻyicha murabbiylarga koʻrsatma berdi. Oʻz navbatida, sportchilardan ustozlarining koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarish soʻraldi.
Rustam Shoabdurahmonov: “Vatanimiz uchun kurashadigan haqiqiy jangchilar va ularni tayyorlaydigan murabbiylar kerak”
Bugun qilichbozlik boʻyicha terma jamoamiz bazasida MOQ hamda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov ishtirokida sportchi va murabbiylar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Gulnora Saidova boshchiligidagi Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari, terma jamoa vakillari va murabbiylar shtabi ishtirok etdi.
Yigʻilishda 2022-yil Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtadigan Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik rejasi keskin muhokama qilindi. Tanqidiy ruhda oʻtgan uchrashuvda shpaga va rapira yoʻnalishiga alohida eʼtibor berildi. Bunda kuchli seleksiya asosida terma jamoa tarkibini saralab olish, Xalqaro federatsiya eʼlon qilgan taqvimga muvofiq kerakli musobaqalarni saralab olish va ularga puxta tayyorgarlik koʻrish, uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yoʻlga qoʻyishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi taʼkidlandi.
“Jamoamizga Vatanimiz uchun kurashadigan haqiqiy jangchilar va ularni tayyorlaydigan murabbiylar kerak. Kelgusida har bir xalqaro musobaqa va boshqa tadbirlar yakuni rejadagidek natija berishi qattiq nazorat qilinadi. Prezidentimiz bizni qoʻllab-quvvatlar ekan, ular barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonga munosib gʻalabalar taqdim qilishimiz kerak. Buning uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.