O‘zbekiston MOQ yangi taraqqiyot yo‘lida 4 ta hamkorlik memorandumini imzoladi
“Hilton Tashkent City” mehmonxonasida o‘tgan MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbari o‘rtasida davom etayotgan mintaqaviy forumning asosiy qismi yakunlangach mehmonlar O‘zbekiston MOQga tashrif buyurishdi. Qo‘mitamizda mehmonlar uchun ekskursiya tashkil etildi. Kichik tur davomida forum ishtirokchilariga Qo‘mitamiz va uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati, boy o‘zbek sporti tarixi haqida gapirib berildi.
Shundan so‘ng hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan munozaralarning amaliy yakuni sifatida O‘zbekiston MOQ Belarus, Ozarbayjon, Litva MOQ va Tatariston Olimpiya kengashi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Tadbirni O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘yish jarayonida mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Ozarbayjon MOQ Bosh kotibi Azer Aliyev, Belarus MOQ prezidenti Viktor Lukashenko, Litva MOQ prezidenti Dayna Gudzinevichute va Tatariston Olimpiya kengashi vakili Marat Bariyev ishtirok etdi.
Yakunda Rustam Shoabdurahmonov ushbu hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Avvalambor, barchangizni azim poytaxtimizda mana shunday tadbirda ko‘rib turganimizdan yana bir bor mamnun ekanligimizni bildirib o‘tmoqchimiz. Tokio Olimpiadasi ko‘rsatdiki, pandemiya bo‘lishiga qaramay butun dunyo sport yo‘nalishida o‘sishga erishmoqda. Mazkur hamkorlik loyihalarimiz kelajakda aloqalarimizni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi”, – dedi O‘zbekiston MOQ rahbari.
Shundan so‘ng, ishtirokchilar an’anaga muvofiq o‘zara sovg‘a almashishdi.
Shuning bilan MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forumning rasmiy qismi o‘z ishini yakunladi. Ertaga mehmonlar qadimiy Samarqand shahri bo‘ylab sayohatga chiqishadi va boy tariximiz, madaniyatimiz bilan yanada chuqur tanishadilar.