2 Noyabr 2021 1940

Toshkentda MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forum o‘z ishini boshladi

Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya MOQ rahbarlari ishtirokidagi mintaqaviy forum o‘z ishini boshladi.

Tadbirda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston MOQ rahbariyati, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarimiz mutasaddilari ishtirok etishdi.

Forumni Aziz Abduhakimov ochib berdi va mehmonlarga mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, Prezidentimizning sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, jismoniy tarbiya va sportga qaratayotgan e’tibori xususida batafsil ma’lumot berdi. Shundan so‘ng Forum koordinatori, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi o‘rinbosari, xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Yurev so‘z oldi. Yuriy Nikolayevich Forumda ishtirokchilarni birma-bir tanishtirib, bu yilgi yig‘ilishni o‘tkazishdan maqsad, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, rejalar xususida gapirib o‘tdi.

Tadbirning ochilish qismida Otabek Umarov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

Bugungi kunda Sobiq Ittifoq hududidagi barcha mamlakatlarni birlashtiruvchi platformalar unchalik ko‘p emas. Ular orasida o‘zaro tushunish va hamkorlik muhiti hukm surayotganlari undanda kamroq. Quvonarlisi, MOQ rahbarlari forumi aynan shunday hamkorlik formatlariga taalluqlidir. Bugun 2020 yildagi majburiy tanaffusdan so‘ng biz Toshkentda uchrashganimizdan cheksiz xursandman. Muloqot samimiy va munozaralar samarali bo‘lishiga chin dildan umid qilaman. Chunki undagi umumiy maqsad ko‘z o‘ngimizda o‘zgarayotgan dunyoda olimpizm tamoyillari va g‘oyalarini ilgari surishga undaydi”.

Shuningdek, Forum davomida O‘zbekiston MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov o‘z dasturi bilan ma’ruza qildi. Unda mamlakatimizning sport sohasida erishayotgan yutuqlari, davlatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash uchun qaratilayotgan e’tibor, atletlarimizning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlari, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun tashlangan dastlabki qadam va boshqa bir bir qator masalalar xususida to‘xtalib, quyidagi takliflarni ilgari surdi:

Birgalikda Xalqaro toifadagi hakamlar va referilarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
– Zamonaviy sport va ta’lim metodikalari, innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda murabbiylar, menejerlar, sport tahlilchilari va boshqa mutaxassislarni birgalikda tayyorlash;
– Terma jamoalar uchun qo‘shma xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, keyin esa turli turnir va musobaqalarni o‘tkazish;
– Sport tibbiyotini rivojlantirish, xususan, sport shifokorlarining malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish;
– Sport farmakologiyasini rivojlantirish, sportchilar uchun taqiqlanmagan dori vositalarini tayyorlash va ishlab chiqarish yo‘nalishidagi hamkorlikni faol rivojlantirish.

Bu taklif forum qatnashchilari tomonidan ma’qullandi va kelgusida o‘zaro malakali kadrlarning o‘zaro tajriba almashishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqilish haqida kelishib olindi.

Ta’kidlash joiz, Forum mehmonlari Toshkent mazkur tadbirga ilk bor mezbonlik qilayotgan bo‘lsa ham, uning yuqori saviyada tashkil etilayotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

Forum davom etmoqda. Oldinda boshqa ishtirokchi davlat vakillari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishadi. Bu haqida batafsil kelgusi xabarlarda tanishtirib o‘tamiz.

Text to speech