Mahalliy sport shifokorlari uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi
MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan hamkorlikda «Tayanch-harakat tizimi patologiyalari va sport jarohatlarini reabilitatsiya qilishning dolzarb muammolari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar va mahorat darsi o‘tkazdi. Tadbirda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov boshchiligidagi mutasaddilar, markaz xodimlari va sport shifokorlari ishtirok etishdi.
Unda rossiyalik tajribali shifokor Mixail Eremushkin sport jarohatlarini tibbiy reabilitatsiya qilish masalalari, A.A.Usmanxo‘jayeva esa pandemiya davrida artikulyar sindromli bemorlarni davolash bo‘yicha klinik tavsiyalar mavzusida maʼruza qilishdi.
Seminar yakunida tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi. Yakuniy bosqichda federatsiya (assotsiatsiya)ning shifokorlari va massajchilari uchun mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Unda Mixail Eremushkin sportchilarning tiklanish bosqichlarida qo‘lda terapiya va massaj texnikasi bo‘yicha o‘z bilimlari bilan ulashdi.