Butunjahon dzyudo kuni yosh polvonlarimiz uchun chinakam bayramga aylandi
Ma’lum qilganimizdek, bugungi Butunjahon dzyudo kuni munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Ularning asosiysi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni sohibi Vladimir Pyatayev, terma jamoa bosh murabbiyi Ilias Iliadis va boshqalar so‘zga chiqib, dzyudochilarni bayram bilan qutlashdi.
«Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham «Xalqaro dzyudo kuni» keng nishonlanmoqda. Biz ham ushbu tadbirga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan baxtiyormiz. Fursatdan foydalanib, o‘zbek dzyudosi oilasini ushbu kun bilan muborakbod etaman. Nasib qilsa, yaqin kelajakda siz jajji dzyudochilar xalqaro musobaqalarda akalaringiz singari Vatanimiz sharafini munosib tarzda himoya qilib, o‘zbek dzyudosining shonli an’analarini davom ettirasizlar. O‘z navbatida, sportchilarimizning mana shunday zamonaviy sport zallarida shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga ham rahmat aytaman», – dedi MOQ Bosh kotibi O.Kasimov.
Shundan so‘ng Kamol Muradov va O‘lmas Gulliyev murabbiyligidagi yosh dzyudochilarimiz tatamida o‘z chiqishlari bilan mahorat va iqtidorlarini namoyish etishdi. Faxriylar nomidan so‘zga chiqqan Vladimir Pyatayev yosh dzyudochilar akalarining izidan borib, ularga munosib voris bo‘lishga chaqirdi.
Shundan so‘ng faxriy mehmonlar hamda yosh dzyudochilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Marosim so‘nggida an’anaga muvofiq bayram torti kesilib, mehmonlarga tortiq etildi. Barcha qatnashchilar esdalik uchun suratga tushishdi.
Ayni paytda Navoiy viloyatida bo‘lib turgan MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov va viloyat hokimi Qobil Tursunov boshchiligidagi vakillar ham ushbu bayramni o‘zgacha qarshi olishdi.
Mutasaddilar navoiylik yosh dzyudochilar bilan o‘tgan tadbirda davlatimiz tomonidan sportga qaratilayotgan e’tibor, buning natijasida kashf etilayotgan taniqli sportchilarimiz haqida aytib, yoshlarimizga katta motivatsiya berishdi. So‘z o‘rnida ular yosh polvonlarni bayram bilan qutlab, kelgusi faoliyatida omad tilab qolishdi.