28 Oktyabr 2021 1713

Sherzod Tashmatov murabbiylar shtabi bilan yangi rejalarni muhokama qildi

MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov yangi mavsum rejalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Pavel Xan boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabi ishtirok etdi.

2022-yil barcha sport turlari qatori taekvondochilarimizni ham katta sinov kutib turibdi. Suhbatda oldinda turgan Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati, Gran-pri va boshqa nufuzdagi musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rish, terma jamoaning asosiy tarkibini saralash kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Ayni paytda terma jamoamiz vakillari Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan taekvondochilar bilan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borishmoqda. Yig‘ilishda murabbiylar yaqin oylar davomida turli yosh toifalarida o‘tkaziladigan mamlakat chempionati orqali asosiy va yoshlar jamoasi, ularga kuchli sparring raqib bo‘la oladigan 2-tarkib vakillarini saralab olish ko‘zda tutilayotganini ta’kidlab o‘tishdi.

O‘z navbatida, Sherzod Tashmatov kelgusi yil uchun tuzilgan mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, terma jamoamiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro turnirlar bo‘yicha murabbiylar bilan fikrlashib, tegishli ko‘rsatmalarni berib o‘tdi.

Text to speech