28 Oktyabr 2021 2193

Tojikiston MMA federatsiyasi rahbariyati MOQda mehmon bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati Tojikiston aralash jang san’atlari (MMA) federatsiyasi rahbariyatini qabul qildi. Uchrashuvda har ikki tomon o‘rtasida izchil hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, qo‘shma yig‘inlar va musobaqalar tashkil etish, tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov ishtirok etgan bo‘lsalar, mehmonlar delegatsiyasi tarkibidan Tojikiston MMA federatsiyasi rahbari Davron Jo‘rayev hamda uning o‘rinbosari Baxtiyor Xodjayevlar o‘rin olishdi.

“Tojikistonda kuchli jangchilar borligini bilamiz. Sizlar bilan yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik biz uchun juda muhim. Suhbatimiz davomida bu borada takliflarni o‘rganib chiqsak. Qo‘shma yig‘inlar, musobaqalar tashkil qilish aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi, degan umiddamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Shundan so‘ng mutasaddilar uchrashuvning rasmiy qismida rejalar muhokamasini davom ettirishdi.

“Biz qo‘shni va qardosh xalqlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarni mustahkamlashdan minnatdormiz. Davlatimiz biz ilgari surayotgan tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Aralash jang san’ati sporti Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinishi kutilmoqda. Bu juda katta voqelik. Buning ortidan ushbu sport yanada rivojlanishini, tomoshabinlari ko‘payishini kutish mumkin. Biz o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, davlatimizda ushbu sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha ish olib borishni kutib qolamiz”, – dedi Sherzod Tashmatov.

O‘z navbatida, Davron Jo‘rayev uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni mustahkamlashdan mamnun ekanini bildirib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida yil yakunida har ikki terma jamoa o‘rtasida o‘rtoqlik yig‘ini va uning doirasida musobaqa tashkil qilish, murabbiylar bilan o‘zaro tajriba almashish, erishilayotgan so‘nggi yutuqlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish kabi fikrlar atroflicha muhokama qilindi.

Samimiy o‘tgan suhbat yakunida mehmonlarga MOQning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Text to speech