26 Oktyabr 2021 1884

Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik rejalari muhokama qilinmoqda

Davlatimiz rahbari joriy yilning 13 avgust kuni Olimpiyachilarimizni qabul qilar ekan, Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida bir qator masalalar yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berib o‘tgan edi. MOQ rahbariyati bu borada tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan.

Ana shunday tadbirlardan biri Qo‘mitaning kichik majlislar zalida Vazirlar Mahkamasi, Turizm va sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari ishtirokida o‘tkazildi.

Yig‘ilish davomida bu boradagi asosiy yo‘nalishlar, xususan, iqtidorli sportchilarni saralash, sport turlari bo‘yicha xalqaro mutaxassislarni tayyorlash, Olimpiya va Paralimpiya zaxiralari kollejlari va sport akademiyalari faoliyati, murabbiylar malakasini oshirish, terma jamoalarimizga kuchli xorijiy mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalar ko‘rildi. Shuningdek, terma jamoalarimiz uchun mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ko‘rib chiqish, faqatgina kuchli jamoalar bilan sparring va o‘rtoqlik bellashuvlari tashkil etish kabi yo‘nalishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etish joiz, suhbat davomida jamoaviy sport turlari haqida ham muhokama olib borildi. Mutasaddilar bu yo‘nalishdagi terma jamoalarimizning hozirgi holati, Olimpiada yo‘llanmasi uchun imkoniyatlari, ularni yanada kuchaytirish kabi masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.

Text to speech