O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi rahbariyatida o‘zgarish
Bugun MOQda O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mutasaddilari, viloyat bo‘limi vakillari va OAV ishtirok etishdi.
Konferensiyaning kun tartibidan federatsiyaning 2021 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan hisobotni ko‘rib chiqish, viloyat bo‘limlari ishini kuchaytirish va federatsiya raisi o‘rinbosarligiga yangi vakil saylash masalalari o‘rin oldi.
Tadbirni olib borgan federatsiya bosh kotibi Mardon Davronov birinchi va ikkinchi masalalar, jumladan, Tokio-2020 siklida qilingan ishlar, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik, bunda viloyat bo‘limlari bilan ishlashni kuchaytirish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, kun tartibining asosiy masalasiga navbat berildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Hamdam Qarshiyev nomzodi federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga ko‘rsatildi. Ishtirokchilar nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va Hamdam Aliqulovich O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib saylandi.
O‘z o‘rnida, Hamdam Qarshiyev so‘z olib, bildirilgan ishonchni oqlash, sportimiz rivojiga hissa qo‘shish uchun bor imkoniyatini ishga solishini aytib o‘tdi. Shu tariqa, O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi rahbariyati tarkibi quyidagi ko‘rinishga keldi:
Federatsiya raisi: Norinboyev Oybek Qobiljonovich
Federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari: Qodirov Doniyor Baxtiyorovich
Federatsiya raisining o‘rinbosarlari: Qarshiyev Hamdam Aliqulovich va Yenaliyev Ramiz Ravilevich
Shundan so‘ng, Rustam Shoabdurahmonov va Oybek Norinboyev so‘z olib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida davlatimizning sportni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi, oldinga qo‘yilgan rejalar xususida to‘xtalib, Hamdam Qarshiyevga yangi lavozimida omad va zafarlar tilab o‘tishdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.