26 Oktyabr 2021 1673

Bosh Assambleyada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Gretsiyaning Krit oroli mezbonlik qilgan Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining (MOQA) navbatdagi Bosh Assambleyasi o‘z yakuniga yetdi. Assambleyaning ikkinchi kuni doirasida ishtirokchilar bir qator masalalarni muhokama qilishdi.

Avval xabar berganimizdek, ushbu tadbirda O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov boshchiligidagi delegatsiya qatnashmoqda. Tadbir davomida vakillarimiz XOQ prezidenti Tomas Bax, MOQAning amaldagi rahbari Robin Mitchel va tashkilot Bosh kotibi Gunilla Lindberg, Butunjahon taekvondo WT federatsiyasi prezidenti Chungvon Choi, Xalqaro kamondon otish federatsiyasi va Turkiya MOQ prezidenti Ugur Erdener, Butunjahon yengil atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti va Ukraina MOQ prezidenti Sergey Bubka, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakov va boshqa bir qator yuqori martabali rahbarlar bilan uchrashib, Assambleyada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi va kelajakda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha suhbat olib borishdi. Shuningdek, mutasaddilarimiz Assambleyada qatnashgan MDH, Boltiq bo‘yi va Gruziya mamlakatlari MOQ rahbarlari bilan ham uchrashib, ularni 2-4-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro forumga taklif etishdi.

Yakunda MOQA rahbariyatiga tashkilotning navbadagi Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tgani, Gretsiya MOQ prezidenti Spiros Kapralosga esa tadbirga yuqori saviyada mezbonlik qilgani uchun Qo‘mitamiz nomidan minnatdorchilik bildirib, esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Uchrashuv davomida Oybek Kasimov O‘zbekiston MOQ ushbu xalqaro tashkilot bilan chuqur do‘stona aloqalarni davom ettirishdan minnatdor ekanini bildirib o‘tdi.

Text to speech