Oybek Kasimov boshchiligidagi Qo‘mitamiz vakillari MOQA Bosh Assambleyasida ishtirok etishmoqda
Bugun Gretsiyaning Krit orolida Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyalarining (MOQA) XXV Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshladi. 2 kun davom etadigan ushbu tadbirda mamlakatimiz nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov boshchiligidagi mutasaddilar, jumladan MOQ raisi devoni rahbari Mirag‘zam Mirahmedov va MOQ raisi maslahatchisi Sherzod Asatullayev ham ishtirok etmoqda.
Assambleyaning bugungi tadbirida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, MOQAning amaldagi rahbari Robin Mitchel va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Shuningdek, unda MOQ raisi devoni rahbari Mirag‘zam Mirahmedov va MOQ raisi maslahatchisi Sherzod Asatullayev ham qatnashmoqda.
Ta’kidlash joiz, epidemiologik vaziyat sabab tashkilotga a’zo 205 mamlakatdan 155 tasi onlayn ishtirok etmoqda. Bu koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri sport tashkilotlari rahbarlarini birlashtirgan eng katta tadbir bo‘lib turibdi. Marosimda Tomas Bax nutq so‘zlab, ortda qolgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini muvaffaqiyati tashkil etishda yordam bergan Yaponiya hukumatiga Olimpiya oilasi nomidan minnatdorchilik bildirib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, MOQA 1979-yil jahondagi barcha Olimpiya qo‘mitalarining qiziqishlarini o‘rganish, manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan. Tashkilotning so‘nggi Bosh Assambleyasiga 2019-yil Qatarning Doxa shahri mezbonlik qilgan edi.