23 Oktyabr 2021 1835

Kuchli seleksiya – g‘alaba kaliti

MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov federatsiya va assotsiatsiya mas’ul mutasaddilari bilan yangi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi onlayn yig‘ilish o‘tkazdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, shuningdek federatsiya mas’ullari qatnashishdi.

Hozirda federatsiya va assotsiatsiyalar bilan Tokio-2020 sikli hisoboti, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari strategiyasiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda. MOQ rahbari mazkur yig‘ilishlarga Oliy sport mahorati maktablari, terma jamoa murabbiylar shtabi bilan hamkorlikda yaxshi tayyorgarlik ko‘rish, rejalarni aniq qilib tushuntirib berish, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

“Hurmatli Prezidentimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Biz bunga munosib tarzda yo‘llanma va medallar soni bilan javob qaytarishimiz kerak. Tokio Olimpiadasi ko‘pchiligimiz uchun yaxshigina maktab bo‘ldi. Bundan tegishli xulosa chiqarib, yangi siklda yuqori maqsadlar sari odimlaymiz. Yig‘ilishlarimiz davomida seleksiya bo‘yicha yetarli muammolar ko‘zga tashlanmoqda”, – dedi MOQ rahbari.

Onlayn o‘tgan tadbirda sportchilarimizning malakasini oshirish yo‘lida xorijdan tajribali trenerlarni jalb qilish, o‘tkaziladigan mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar rejasini chuqur tahlil qilish, federatsiyalarning viloyat bo‘limlari bilan ishlashni yanada jadallashtirish va seleksiya ishlarini kuchaytirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech