21 Oktyabr 2021 2298

Toshkentda ixtisoslashtirilgan dzyudo zali foydalanishga topshirildi

Bugun poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 102-umumta’lim maktabi hududida bunyod etilgan yengil konstruksiyali dzyudo zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov, Sherzod Tashmatov, MOQ raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Faxriddin Davrukov, Shayxontohur tumani hokimligi mutasaddilari, maktab joylashgan «Bog‘ ko‘cha» mahalla faollari hozir bo‘lishdi.

Marosimning kirish qismida ramziy ma’nodagi lenta kesilib, dzyudo zali kaliti maktab direktori Ra’no Mirzajonovaga topshirildi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z nutqi bilan tadbirning rasmiy qismini ochib berdi. Shuningdek, tadbirda MOQ rahbarlari ham so‘z olishdi.

“Dunyoda dzyudo sport turi rivojlangan davlatlar amaliyotiga nazar tashlasak, u yerda bolalar dzyudo yakkakurashi bilan maktabdayoq shug‘ullanishni boshlaydilar. Xalqaro musobaqalar – Olimpiada va jahon chempionatlaridagi katta yutuqlar ham aynan shuning mevasi. O‘zbekistonda ham jahon amaliyotidan andoza olinib, dzyudoni ommalashtirish, rivojlantirish quyi bo‘g‘indan boshlanyapti. Bu qurilayotgan dzyudo zallari aynan shuning uchun xizmat qiladi”, – dedi R.Shoabdurahmonov.

Dzyudo zali qisqa fursatda bunyod etilgan bo‘lib, barcha talablarga javob beradi. Zalga to‘shalgan tatamida nufuzli xalqaro turnirlarni o‘tkazish mumkin. Yangi ob’ektning hajmi 30×18 metrni tashkil qiladi. Balandligi – 10 metr.

“So‘zim avvalida barchani bugungi bayram – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kuni bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Federatsiyamiz va shaxsan o‘z nomimdan tabriklayman. Bugun siz azizlar bilan poytaxtimizdagi 102-son umumta’lim maktabida zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan dzyudo zalining tantanali ochilish marosimida ko‘rishib turibmiz. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamkorligida bunyod etilgan zamonaviy dzyudo zali mahalla ahli, maktab o‘quvchilari uchun bugungi bayramga sovg‘a bo‘ldi deyish mumkin. Ishonchim komil, bugun biz ochilishida qatnashayotgan bu ko‘rkam sport zalidan ham yaqin yillarda o‘zbek sporti dovrug‘ini dunyoga yanada tanitadigan dzyudochilar yetishib chiqadi”, – dedi A.Kamilov.

Maktab o‘quvchilari hamda dzyudo va turon yakkakurash sport turi vakillarining ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Yil oxirigacha qolgan viloyatlarda ham ayni paytda qurilish davom etayotgan dzyudo zallari bolajonlarga sovg‘a qilinadi.

Text to speech