Ilk marta boksdagi ikki ulkan jamoa jahon chempionati oldidan birga matbuot anjumanida qatnashdi
25-oktyabr – 6-noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkaziladi. Bugun poytaxtimizdagi “Orient Finance Bank” bosh ofisining anjumanlar zalida ushbu jahon chempionatida qatnashadigan terma jamoamiz a’zolari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov, Kuba boks federatsiyasi prezidenti Alberto Puig, Kuba terma jamoasi bosh murabbiyi Rolando Asebal hamda O‘zbekiston terma jamoasining 13 nafar bokschisi, kubalik bokschilar va jahon chempionatiga boradigan murabbiylarimiz ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, joriy yilning 13-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olimpiyachilarimizni qabul qilar ekan, xorijdagi eng kuchli maktab, terma jamoa va markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘nalish bergan edilar. Mazkur yig‘inga Kubaning tanlab olinishi bejiz emas. Unda bokschilarimiz bilan Kubaning 4 nafar Olimpiya chempionlari ishtirok etdi. O‘zbekiston boks federatsiyasi Davlatimiz rahbari bergan topshiriqqa binoan ushbu sport turida dunyoning eng kuchli jamoalaridan birini yig‘inga jalb qildi. Bu bilan Kuba boksining metodikasi, uslubi bilan yaqindan tanishib, tajriba almashdik. Shu tariqa, so‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblari birgalikda mashg‘ulot olib borishdi. Yodingizda bo‘lsa, Rio-2016 Olimpiadasida O‘zbekiston, Tokio-2020da esa Kuba jamoasi ushbu sport turida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Anjuman davomida Kuba boksi rahbari o‘zaro hamkorlik haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri bilan o‘tgan ushbu yig‘in biz uchun har tomonlama foydali bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Menimcha, jahon chempionatida medallar uchun asosiy kurash 4 terma jamoa o‘rtasida kechadi. Ular qatoriga Kuba va O‘zbekiston ham kiradi. Musobaqada qaysi jamoa 3 ta oltin medal qo‘lga kirita olsa, katta ehtimol ular umumjamoa hisobida yetakchi bo‘lishadi. Agar biz JChda muvaffaqiyatli ishtirok etsak, bunda O‘zbekistonning ham hissasi katta bo‘ladi. Boisi bu jamoa bilan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma yig‘in bizning tajribamizni yanada oshishiga katta xizmat qildi. Buning uchun O‘zbekiston boks federatsiyasiga minnatdorchilik bildiraman”, – dedi Alberto Puig.
Shuningdek, jamoamiz bosh murabbiyi Marat Qurbonov ham yigitlarimiz musobaqaga yaxshi tayyorgarlik olib borgani, barcha yuqori sport formasida ekanini ta’kidlab, yaratilgan sharoitlar uchun hukumatimizga minnatdorchilik bildirib o‘tdi.
“Tarkib haqida gapiradigan bo‘lsak, yoshlik shijoati va ulkan tajribani uyg‘unlashtirishga harakat qildik. Serbiyaga ko‘plab yoshlarni olib ketyapmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad 2023 yil Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga hozirdan kuchli jamoani shakllantirish. Shu bois tarkibda ko‘plab yosh bokschilarni uchratish mumkin”, – dedi Marat Galiyevich.
Qolaversa, Murodjon Mamadaliyev ham bu boradagi fikrlari bilan quyidagicha o‘rtoqlashdi:
“Qo‘shma yig‘in tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi bo‘ldi. Unga davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berildi. Bu yig‘in terma jamoamiz uchun juda ham foydali bo‘ldi”.
Anjuman davomida jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi rasman e’lon qilindi. Unga ko‘ra, bo‘lajak dunyo birinchiligida yurtimiz sharafini quyidagi bokschilar himoya qiladilar:
-48 kg: Nodirjon Mirzahmedov
-51 kg: Hasanboy Do‘smatov
-54 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-60 kg: Abdumalik Xalakov
-63.5 kg: Mujibillo Tursunov
-67 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev
-71 kg: Shahram G‘iyosov
-75 kg: Saidjamshid Ja’farov
-80 kg: Odiljon Aslanov
-86 kg: Shohjahon Abdullayev
-92 kg: Madiyar Saidrahimov
+92 kg: Lazizbek Mullajonov
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari musobaqa oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Qolaversa, OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘lishdi.