19 Oktyabr 2021 1975

Yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sambochilarimiz tantanali kutib olindi

Xabaringiz bor, 15-17-oktyabr kunlari Gretsiyaning Saloniki shahrida sambo boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Bugun erta tongda ushbu musobaqada tarixiy natija qayd etgan hamyurtlarimiz tantanali kutib olindi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tadbirda Turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va sport jamoatchiligi ishtirok etishdi. Qahramonlarimizga orkestr sadolari ostida gul va choʻponlar taqdim etildi.

Tadbirning davomi Turizm va sport vazirligining binosida oʻtkazildi. Unda Avaz Karimov va Oybek Kasimov soʻz olib, jamoamizni qoʻlga kiritilgan olamshumul natija bilan qutlashdi. Shundan soʻng sportchilarimizga pul mukofotlarining sertifikatlari topshirildi. Unga koʻra, oltin medal egalari 10 mln, kumush medal sohiblari 5 mln va bronza medalini qoʻlga kiritgan sambochilarimiz 3 mln soʻmdan bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi.

Eslatib oʻtamiz, sambochilarimiz ushbu jahon chempionatida 6 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida Rossiya terma jamoasidan soʻng ikkinchi natijani qayd etishdi. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston sambo federatsiyasi mazkur muvaffaqiyat bilan qutlab qoladi.

Text to speech