18 Oktyabr 2021 2229

Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasining birinchi brifingi o‘tkazildi

Bugun kelasi yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan XIX Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasining birinchi brifingi o‘tkazildi. Ayni paytda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab tadbir onlayn formatda tashkil etildi.

Tadbirda musobaqa tashkiliy qo‘mitasi mutasaddilari, Xanchjou shahri hokimligining rahbariyati, Xitoy Milliy Olimpiya qo‘mitasi vakillari, shuningdek, mahalliy OAV oflayn ishtirok etgan bo‘lsa, qit’amizning yetakchi sport jurnalistlari, telekanal vakillari va boshqa mutasaddilar ZOOM platformasi orqali ulanishdi. Tadbirda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston MOQ hamda yurtimizning sportga ixtisoslashgan yetakchi OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida tashkiliy qo‘mita mutasaddilari yana 327 kundan so‘ng start oladigan ushbu muhim musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik haqida to‘xtalib o‘tishdi. Shundan so‘ng o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar musobaqaga kiritilgan sport turlari va yo‘nalishlari, ob’ektlar, transport va logistika tizimi, OAV uchun ajratilgan media-markaz va boshqa bir qator sohalar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Shunisi ahamiyatliki, mazkur Osiyo o‘yinlarida ilk bor Okeaniya mintaqasi davlatlari ham ishtirok etadi. Shuningdek, mutasaddilarning ochilish va yopilish marosimi uchun tayyorlangan dasturlari haqidagi ma’lumot ham taqdim etildi. Ma’lum qilinishicha, marosimlar muxlislarning yodida qolishi uchun Xitoy kino va teatr sohasining tajribali mutasaddilari, yirik kompleks tadbirlarda ulkan tajriba to‘plagan mutaxassislar jalb etiladi.

Brifing davomida ishtirokchilar uchun Xitoyga kirish-chiqish jarayonlarini soddalashtirish, ularga ajratilgan qulayliklar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Shu tariqa, Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlariga atalgan birinchi brifingning ilk kuni o‘z ishini yakunladi.

Text to speech