18 Oktyabr 2021 1740

Shahram G‘iyosovni havaskor boksga nima chorladi? Qachon chempionlik kamari uchun jang qilmoqchi?

Toshkent viloyati Yangiobod sport bazasida yig‘in olib borayotgan bokschilarimiz orasida Shahram G‘iyosovning ham boriligi ko‘pchilikning diqqat-markazini tortgani, shubhasiz. Professional boksda ishtirok etayotgan Shahramning havaskor boksga qaytishi, oldinda turgan rejalar haqidagi intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz:

– Sizni havaskor boksga nima qaytarmoqda?
– Havaskor boksga o‘zimga tashlagan “chaqiruv”im qaytardi. Professional boksga o‘tganimdan keyin ko‘pchilik meni har tomonlama professional bo‘lib ketdi, deb aytmoqda. Maqsadim ham professional, ham havaskor boksda yuqori natija ko‘rsatish. Men shuncha vaqt bekorga mehnat qilmaganim, shuncha narsadan voz kechganimni ko‘rsatishim kerak. Oldimga bir narsani maqsad qilib qo‘ydimmi, unga erishishni istayman. O‘sha narsa jonajon vatanimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarish va oltin medalni olish. Shuning uchun o‘zimga o‘zim “chaqiruv” tashladim.

– Bu yig‘indan keyin qachon professional boksga qaytasiz?
– Nasib, jahon chempionati finaliga chiqib, g‘alaba qozongach 3-4 kun ichida AQShga jo‘nab ketaman.

– Hozir sparringda ko‘proq Iglesias bilan ishlayapsiz. So‘nggi to‘qnashuvingizga ko‘p bo‘ldi. Aniqki, ikkalangiz ham bor zarbalaringizni ko‘rsatmayapsiz. Shunday bo‘lsa ham, unda qanday o‘zgarishlarni his qilyapsiz?
– 4 yil bo‘libdi u bilan jang qilmaganimga. Shuncha vaqtdan beri u havaskor boksda yanada ko‘p tajriba to‘pladi, Olimpiada chempioni bo‘ldi. Men esa professional boksda 11 ta jang o‘tkazdim. U juda munosib raqib. Shu paytgacha 3 marta to‘qnash kelganmiz. To‘g‘ri, bir-birimizning “sirlarimizni” oshkor qilmayapmiz. Barchasi ringda aniq bo‘ladi.

– Sparring payti bir-biringizning ko‘zlaringizga qarasangiz, ichingizdan nima o‘tadi?
– Kulgi (kuladi). U ham jiddiy qarab qolsak, kulib yuboradi. Bilasizmi, bir-birimizni kitobdek o‘qib bo‘lganmiz. Agar qaysidir bosqichda to‘qnash kelib qolsak, kim jismoniy va ruhiy jihatdan yaxshi bo‘lsa, u g‘alaba qozonadi.

– Professional boksda Ahmadaliyev chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritib bo‘ldi, Madrimov majburiy da’vogar darajasiga yetmoqda. Sizning navbatingiz qachon keladi?
– Xudo xohlasa, kelasi yilga niyat qilyapmiz. Nasib qilsa, 2022 yil chempionlik kamarini O‘zbekistonga olib kelaman.

– Maqsadlaringiz yo‘lida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
– Rahmat.

Text to speech