16 Oktyabr 2021 2214

Farg‘onada bilagi kuchga to‘lgan polvonlar bahslashishdi

Unda mamlakatimizning barcha hududlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Qirg‘izistondan jami 468 nafar polvon ishtirok etdi.

Farg‘onadagi ko‘p tarmoqli «Samo» sport majmuasida Turizm va sport vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylar kengashi hamda bir qator sport federatsiyalari bilan hamkorlikda o‘zbek milliy o‘yinlarining faol targ‘ibotchisi, taniqli polvon To‘lanboy Qurbonov xotirasiga bag‘ishlab uch avlod vakillari o‘rtasida tosh ko‘tarish va bahodirlar o‘yinlari bo‘yicha ochiq xalqaro turnir tashkil etildi.

Musobaqaning ochilish marosimida Respublikamiz hududida istiqomat qilayotgan 76 nafar faxriy polvonlar, 152 nafar sport faxriylari ishtirok etdi.

Tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Ahmedov, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi Oybek Norinboyev, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va boshqalar so‘zga chiqishdi. Shu yerda Respublikamizdagi polvon va dorbozlar guruhlarida faoliyat ko‘rsatgan 35 nafar polvonga «O‘zbekiston sport faxriysi» ko‘krak nishoni topshirildi.

Xalqaro turnir 3 ta guruhda tashkil etildi. Bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish musobaqasi qatnashchilari katta vazndagi yuklar, mashinalarni ko‘tarish va tortish, dorbozlar guruhlarining o‘zbek polvonlari o‘rtasida yosh toifalari bo‘yicha tosh ko‘tarish, nayza otish, kamondan otish musobaqalarida ishtirok etishdi.

17 tonnalik «MAN» yuk avtomobilini 15 metr masofaga torta olgan Surxondaryo viloyatidan kelgan polvon Dilmurod Qurbonov muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Xalqaro turnir 8 ta yo‘nalishda o‘tkazilib, g‘oliblar medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Text to speech