Parij-2024 Paralimpiadasi tayyorgarligiga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish taklifi ilgari surildi
Tokio-2020 O‘yinlari Paralimpiyachilarimiz uchun ham iliq taassurotlar bilan yodda qoldi. Bu gal litsenziyalarimiz va sport turlari geografiyasi ortib, yangi marralar zabt etildi. MOQda bo‘lib o‘tgan bugungi uchrashuvda Paralimpiyachilarimizni Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlariga har qachongidan ham puxta tayyorlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Shezrod Tashmatov, MOQ mutasaddilari, shuningdek, Muxtorxon Tashxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumki, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida vakillarimiz 8 sport turida ishtirok etgan. Bugunga kelib, Paralimpiya qo‘mitasi tizimida 20 dan ortiq sport turi ochilgan bo‘lib, tayyorgarlik qamrovi salmoqli darajada oshadi.
“Paralimpiya o‘yinlari inson matonati, irodasi ulkan ekanini ko‘rsatib berdi. Shu o‘rinda, hamyurtlarimiz ham o‘z ishtiroklari bilan ajoyib natija qayd etishdi. Biroq bu bilan to‘xtab qolishimiz kerak emas. Ko‘plab litsenziya va medal beradigan yo‘nalishlarda xorij tajribasini o‘rganish, ularga mutaxassislarni jalb qilish masalasini ko‘rib chiqaylik. Bu borada Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini bildiradi”, – dedi MOQ rahbari.
Shuningdek, uchrashuv davomida asosiy tarkib va zaxira sportchilarini saralab olish, yangi davr uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha strategiyani puxta ishlab chiqish, imkoniyati cheklangan hamyurtlarimizni sportga yanada keng jalb qilish bo‘yicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.