Bokschi qizlarimiz ham jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlashdi
Ayni kunlarda Yangiobod sport bazasida boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yig‘in boshladi. Elshod Rasulov boshchiligidagi qizlarimiz ham dunyo birinchiligiga hozirlanishmoqda.
Yig‘inga 20 dan ortiq sportchi jalb etilgan. Bu tayyorgarlikning birinchi bosqichi bo‘lgani uchun asosan ruhiy va jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratilgan. Bu borada jamoa murabbiyi quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
“Biz ham yigitlarimiz kabi jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshladik. Qizlarimiz yaqinda Bolgariya, Rossiyadagi xalqaro musobaqada ishtirok etib kelishgani uchun ularda ruhiy va jismoniy charchoq bor. Dastlabki yig‘inda ushbu kamchiliklarni to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, bir qator vazn toifalarida asosiy raqiblarimizni o‘rganib, ularga qarshi taktik rejalar ustida ham ishlayapmiz”, – dedi Elshod Rasulov.
Qayd etish joiz, bu yil ayollar o‘rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionati dekabr oyida Turkiyada bo‘lib o‘tadi.